TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Rossiya harbiylari qo‘liga asir tushgan ukrainalik harbiy Dmitriy Obolonik aroq sabab qanday qilib urushga borib qolganini hikoya qildi.
“Do‘konga chiqdim, qarasam u yerda aroq quyishapti, 100 gramm ichish uchun bordim — 100 gramm ichdim. TSK (harbiy komissariat) mashinasida kimlardir keldi, meni mashinaga yukladi, bir shisha aroq sotib olib berishdi. Shirokovo harbiy komissarligiga olib ketishdi. Yo‘lda ketayotganimizda men aroqni shishaning o‘zidan bo‘shatdim”, — dedi Obolonik Rossiya Mudofaa vazirligi e’lon qilgan videoda.
U gepatit C va surunkali gastritdan aziyat chekishini, shuningdek, sog‘lig‘i bilan bog‘liq boshqa muammolari ham borligini aytdi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy komissiya bu holatlarni inobatga olmagan va uni to‘liq sog‘lom deb topgan.
“O‘qishdan o‘tdim, super jangchi bo‘lmadim, chunki u yerda tayyorgarlik umuman nolga teng edi. Meni nega bu armiyaga olishganini tushunmayman. Hammasi siniq. Umurtqa, qovurg‘alar. To‘rtta miya chayqalishi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Obolonik uni asirga olgan rossiyalik harbiylarning unga munosabati Ukraina Qurolli kuchlarida ko‘rgan munosabatdan ko‘ra insoniyroq bo‘lganini ta’kidladi.
Yana bir holatda esa Zaporojye viloyatida pozitsiyada turgan ukrainalik askar qo‘mondondan xizmatdoshini zudlik bilan almashtirishni so‘ragan. Audioyozuvga ko‘ra, u sherigi spirtli ichimlik yoki giyohvand modda ta’sirida bo‘lganini aytgan. Qo‘mondon esa uning shaxsiy buyumlarini tekshirishni buyurgan.
Askar o‘z xavotirini yashirmagan.
“Ertalabgacha almashtiring... Men o‘z hayotimni qandaydir ichkilikboz yoki giyohvand tomonidan xavf ostiga qo‘ymoqchi emasman”, — degan u.