Prezident kimyo sanoatida $2,5 mlrd investitsiya va $720 mln eksport rejalari bilan tanishdi

Prezident kimyo sanoatida eksportni 720 million dollarga yetkazish, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni oshirish va yangi quvvatlarni ishga tushirish rejalari bilan tanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilda kimyo mahsulotlari eksportini 720 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishni 1 million 120 ming tonnaga, fosforli o‘g‘itlarni 135 ming tonnaga, kaliyli o‘g‘itlarni 222 ming tonnaga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda 9,5 milliard dollarlik 133 ta loyiha doirasida 2,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi rejalashtirilgan. Jumladan, 24 ta strategik loyiha bo‘yicha 1,3 milliard dollar o‘zlashtirilib, 7 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilishi kerak.
Shu bilan birga, Qo‘ng‘irot soda zavodi, “Samarqandkimyo” va Dehqonobod kaliy zavodiga oid yirik loyihalar muddatlari cho‘zilayotgani qayd etilib, ularni jadallashtirish topshirildi.
Yig‘ilishda “Ammofos-Maksam” korxonasida to‘plangan fosfogips chiqindilarini qayta ishlash va undan qo‘shimcha mahsulotlar ishlab chiqarish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan kimyo-texnologiya innovatsiya markazini tashkil etish rejasi ma’lum qilindi.
Taqdimotda erituvchi moddalar, quruq sian tuzlari, kaustik soda, silikon, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, “Farg‘onaazot”, “Navoiyazot”, Toshkent viloyati va Birinchi rezinotexnika zavodidagi yangi ishlab chiqarish loyihalari haqida ham axborot berildi.
Bundan tashqari, “O‘zkimosanoat” tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish, ERP tizimini keng joriy etish, axborot tizimlarini yagona raqamli platformaga birlashtirish va mineral o‘g‘itlarga ehtiyojni prognozlashda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash rejalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, mahsulot tannarxini 10–15 foizgacha kamaytirish vazifasi qo‘yildi.
Yakunda davlat rahbari mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
"O‘zbekneftgaz" va "KazMunayGaz" Qashqadaryoda $250 millionlik majmua qurishni jadallashtiradi