Elchixona: Tramp davrida AQSh 1000 nafardan ortiq o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi

11 mart kuni AQShda noqonuniy yurgan yana 72 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgani ma’lum bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Prezident Donald Tramp lavozimga kirishganidan beri AQSh 1000 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
11 mart kuni ham O‘zbekistonga navbatdagi deportatsiya reysi amalga oshirilib, mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan 72 nafar fuqaro qaytarib yuborildi.
Elchixonaga ko‘ra, mazkur parvoz Qo‘shma Shtatlarning chegara xavfsizligini ta’minlash va noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashish doirasida amalga oshirilgan navbatdagi tadbirlardan biri bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, AQSh hududiga noqonuniy kirgan shaxslar qamoq jazosiga tortilishi va mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Elchixona, shuningdek, deportatsiya tadbirlarini amalga oshirishda O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlik qilinayotganini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 2025-yil 20-yanvar kuni AQSh prezidenti sifatida ish boshlagan. U saylovoldi kampaniyasida ham, keyinchalik lavozimda ham noqonuniy immigratsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rish tarafdori ekanini ta’kidlab kelgan.

AQShdan 44 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi