TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a’zo davlatlar orasida 2025-yilda real ish haqi eng tez Qirg‘iziston va Belarusda o‘sdi — mos ravishda 9,9 foiz va 9 foiz.
Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Armaniston, Belarus, Qirg‘iziston va Rossiyada o‘rtacha ish haqi o‘sishiga oid ma’lumotlarni e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda ish haqi eng tez Qirg‘izistonda o‘sgan. Nominal hisobda o‘sish 18,9 foizni, inflyatsiya hisobga olingan real ko‘rinishda esa 9,9 foizni tashkil etgan. Mamlakatda o‘rtacha oylik ish haqi 508 dollarga yetgan.
Belarusda nominal ish haqi 16,3 foizga, real ish haqi esa 9 foizga oshgan. O‘rtacha maosh 877 dollarni tashkil etgan.
Rossiyada 2025-yilda o‘rtacha ish haqi 1 203 dollar bo‘lib, nominal hisobda 13,5 foizga, real hisobda esa 4,4 foizga ko‘paygan.
Armanistonda o‘rtacha oylik ish haqi 783 dollarga yetgan. Bu yerda nominal o‘sish 5,6 foiz, real o‘sish esa 2,2 foizni tashkil etgan.
Qozog‘iston bo‘yicha 2025-yil yakunlari hali e’lon qilinmagan. Mamlakat Milliy statistika burosi faqat yanvar–sentabr oylari uchun ma’lumotlarni taqdim etgan.
O‘sha davr yakunlariga ko‘ra, Qozog‘iston YeOIIda real ish haqi o‘smagan yagona davlat bo‘lgan — inflyatsiya tufayli aholining xarid qobiliyati 0,4 foizga pasaygan. O‘shanda o‘rtacha ish haqi 833 dollarni tashkil etgan.