TOShKENT, 11 mar — Sputnik. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) raisi Davron Vaxabov ishtirokida 10-mart kuni Belarusning yirik chakana savdo tarmoqlari vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistondan ho‘l va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini Belarus savdo tarmoqlariga yetkazib berish, Belarusdan esa go‘sht va sut mahsulotlarini o‘zaro bozorlarda kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ishbilarmonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish, kontakt ma’lumotlarini almashish va yaqin vaqt ichida Belarus chakana savdo tarmoqlarining O‘zbekistonga biznes-missiyalarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Muloqot SSP raisi Davron Vaxabovning 2–6 mart kunlari Belarusga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning davomi sifatida tashkil etildi.
Tashrif doirasida tomonlar o‘zbek mahsulotlarini, avvalo, yirik supermarket tarmoqlari orqali Belarus bozoriga kengroq olib kirish imkoniyatlarini muhokama qilgan edi.
Shuningdek, mahsulotlarni yetkazib berishda logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish, jumladan, O‘zbekistonga yuk bilan kelgan transport vositalarini qaytishda bo‘sh yubormasdan, ular orqali Belarus bozoriga mahsulot yetkazib berish varianti ham ko‘rib chiqilgan.