TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlari akkreditatsiya organlari rahbarlari umumiy bozorni xavfli mahsulotlardan himoya qilish bo‘yicha qo‘shma choralarni muhokama qildi.
Rosakkreditatsiya rahbari Dmitriy Volvachning aytishicha, ishonchsiz sertifikat va deklaratsiyalar real xavf tug‘dirmoqda. Shu bois Rossiyada bunday holatlarning oldini olish uchun qonunchilikka tayangan yangi mexanizmlar joriy etilmoqda.
Xususan, agar sertifikatlashtirish organi bir yil ichida uch yoki undan ortiq qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa, uning sertifikat va deklaratsiyalari Rossiyada 12 oygacha bloklanishi mumkin.
Shuningdek, davlatlar o‘rtasida sinov protokollari bo‘yicha tezkor axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Transport vositalari xavfsizligini baholashda esa yagona yondashuvlarni shakllantirish ustida ish olib borilmoqda.
Kengashda qayd etilganidek, bu choralar iste’molchilar va halol biznesni himoya qilish, shuningdek, YeOII mamlakatlarida sifat standartlarini oshirishga qaratilgan.