O‘zbekistonda baliq ovlash vaqtincha taqiqlanadi: hududlar va muddatlar

Baliqlarning ko‘payish davrini himoya qilish maqsadida O‘zbekistonda martdan iyungacha ayrim daryo va tabiiy suv havzalarida baliq ovlash vaqtincha taqiqlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 10 mar — Sputnik. 11 martdan 31-maygacha Amudaryo va Sirdaryoda, 26-apreldan 10-iyungacha esa Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istondagi tabiiy suv havzalarida baliq ovlash taqiqlanadi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlashga taqiq joriy etiladi.
Qayd etilishicha, ushbu muddatlar baliqlarning ko‘payish davriga to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda baliq ovlash ular sonining keskin kamayishiga, ayrim turlarning esa yo‘qolib ketish xavfiga olib kelishi mumkin.
Ayni paytda mazkur qaror sun’iy suv havzalari yoki irrigatsiya tarmoqlarida intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish, akvakultura faoliyati, shuningdek, qafas — ya’ni sadok moslamalarida baliq yetishtirish va ovlash jarayonlariga tatbiq etilmaydi.
Ta’kidlanishicha, taqiq amal qiladigan muddat va hududlarda baliq ovlash ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Taqiqlangan uslubda ov qilish va baliq ovlash uchun jazo kuchaytirildi