TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Sovuq havo sabab 10-mart soat 16:00 dan metan "zapravka”lar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, respublika hududlariga sovuq va nam havo massalarining kirib kelishi natijasida tabiiy gazga talab keskin oshgan. Oqibatda magistral gaz quvurlarida bosim pasayishi kuzatilmoqda.
Shu sharoitda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Shu bois 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab respublikadagi metan gaz quyish shoxobchalari faoliyati vaqtincha cheklanadi. Ayni paytda ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi va jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti barqaror tarzda davom ettiriladi.