TOShKENT, 8 mar — Sputnik. Qozog‘istonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) doirasidagi tovar aylanmasi 2025-yilning 11 oyida 27,2 milliard dollarni tashkil etdi. Eksportning 51 foizi neft va neft mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Senat majlisida deputat Shokarim Buktug‘utov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur savdo aylanmasining qariyb 89 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston — 7,2 foiz, Belarus — 3,8 foiz va Armaniston — 0,2 foiz bilan qayd etilgan.
Shuningdek, Senat YeOII bojxona hududidan olib chiqilayotgan tovarlarning kelib chiqishini aniqlashning uyg‘unlashtirilgan tizimi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi.
Hujjat YeOIIdan eksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqishini tasdiqlash tartibini yagona shaklga keltirishga qaratilgan. U sertifikatlarni tekshirish, elektron verifikatsiya tizimini joriy etish va tashqi bozorlarga chiqishni yengillashtirishni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, Senat YeOII texnik reglamentlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratiga oid bayonnomani ham ma’qulladi.
Mazkur o‘zgartishlar Ittifoq davlatlari o‘rtasida axborot almashinuvini yaxshilash, nazorat samaradorligini oshirish va yagona bozor faoliyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.