TOShKENT, 5 mar — Sputnik. O‘zbekistonning "Uzbek Overseas Geology Company" (UOGC) kompaniyasi 2026-yilda Mo‘g‘ulistonda uran istiqbolli maydonlarida geologiya-qidiruv ishlarini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya ma’lumotiga tayanib RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, UOGC va Mo‘g‘ulistonning MonAtom kompaniyasi vakillari Ulan-Batorda uchrashib, mamlakat hududida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish masalalarini muhokama qilgan.
Kompaniya xabariga ko‘ra, joriy yilda tegishli litsenziyalarni rasmiylashtirish va uran uchun istiqbolli maydonlarda qidiruv ishlarini boshlash rejalashtirilgan.
Aprel oyida UOGC va MonAtom istiqbolli uchastkalarda ishlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish shartnomasini imzolashni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Mo‘g‘ulistonda faoliyat yuritayotgan burg‘ilash va geofizika kompaniyalari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.
Dastlabki loyiha hujjatlariga ko‘ra, birinchi bosqichda ajratilgan maydonlarda qariyb 60 ming metr burg‘ulash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, ushbu maydonlardagi uran zaxiralari baholanib, keyingi geologiya-qidiruv ishlarining dasturi aniqlashtiriladi.
"Uzbek Overseas Geology Company" 2025-yilda O‘zbekiston hukumati tomonidan xorijdagi konlarni geologik o‘rganish va o‘zlashtirish maqsadida tashkil etilgan. Hozirda kompaniya Mo‘g‘uliston, Afg‘oniston va Iordaniyada loyihalarni amalga oshirmoqda.
MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda 7-o‘rin, uni qazib olish bo‘yicha esa 5-o‘rinni egallaydi. 2025-yilda mamlakatda 7 ming tonna uran qazib olingan, 2030-yilga borib esa bu ko‘rsatkichni uch barobarga oshirish rejalashtirilgan.