TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Endi haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxs avtomobil boshqarsa, bu holat kameralar orqali aniqlanadi va huquqbuzarga nisbatan chora ko‘riladi. Bu haqda YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda mamlakat avtomobil yo‘llariga shaxsni yuzidan aniqlash funksiyasiga ega kameralar hamda foto va video qayd etish qurilmalari o‘rnatilgan.
Joriy yilning 23-fevralidan 3-martgacha ushbu qurilmalar test rejimida ishlatildi. Shu davrda kameralar orqali bir qator holatlar aniqlangan.
Jumladan:
haydovchilik huquqidan mahrum etilgan shaxslarning avtomobil boshqargani;
haydovchilarning boshqaruv vaqtida telefondan foydalangani.
Endilikda mazkur kameralar qoidabuzarliklarni onlayn tarzda aniqlab, avtomatik ravishda chora ko‘ra boshlaydi.
Ma’lum qilinishicha, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan holda avtomobil boshqarganlik uchun:
birinchi marta — BHMning 50 baravari miqdorida jarima;
takroriy holatda — 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.
YHXB ma’lumotiga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kuchaytirilgan nazorat tadbirlari davom etadi.