TOShKENT, 4 mar — Sputnik. O‘zbekiston hududida bo‘ri o‘rgimchaklar (Lycosidae) oilasiga mansub mutlaqo yangi tur aniqlandi. Bu haqda Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadqiqot Xorazm Ma’mun akademiyasi tayanch doktoranti Mardona Bektursunova, uning ilmiy rahbari professor Ikrom Abdullayev hamda Rossiya Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimi Dmitriy Logunov hamkorligida olib borildi.
Yangi tur Qoraqalpog‘istonning Usturt platosining sharqiy qismi — Borsakelmas botig‘i hududida aniqlangan.
Fan uchun tavsiflangan yangi tur Karakumosa ustyurtica deb nomlandi. Tur nomi Usturt platosi nomidan olingan bo‘lib, uning tip hududiga bog‘liqligini bildiradi.
Golotip namunasi 2025-yil iyul oyida yig‘ilgan. Namunalar morfologik va taksonomik tahlillar asosida o‘rganilgan, tip namunalar esa Rossiya FA Zoologiya instituti kolleksiyasida saqlanmoqda.
Ushbu kashfiyotdan so‘ng Karakumosa jinsiga mansub turlar soni 19 taga yetdi. Tadqiqot natijalari xalqaro "Arachnology" jurnalida e’lon qilindi.