Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

$270 ming zarar: Ukrainada ofitser mavjud bo‘lmagan harbiylarga pul yozgan

Ukraina QK bo‘linmasida moliya xizmati boshlig‘i frontda xizmat qilmagan harbiylarga jangovar to‘lovlar hisoblaganlikda gumon qilinmoqda. Yetkazilgan zarar taxminan 270 ming dollarni tashkil etgan
Sputnik
TOShKENT, 4 mar — Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalaridan birining moliyaviy-iqtisodiy xizmati boshlig‘i front ortidagi qo‘l ostidagilarga noqonuniy ravishda jangovar to‘lovlar hisoblagan. Davlatga yetkazilgan zarar deyarli 270 ming dollarni tashkil etdi. Bu haqda RIA Novosti Ukraina bosh prokurori idorasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, Zaporojye viloyatidagi harbiy qismlardan biri moliya-iqtisodiy xizmati boshlig‘i bo‘lgan mayor xizmat mavqeyini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda. U frontning birinchi chizig‘ida xizmat qilmagan harbiylarga noqonuniy ravishda qo‘shimcha jangovar to‘lovlar hisoblanishiga ko‘maklashgan.
Natijada front ortidagi 11 nafar harbiy xizmatchiga 4,25 million grivna (taxminan 98 ming dollar) to‘langan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mayor o‘z qo‘l ostidagi xodimga elektron kabinetga kirish uchun login va parolni bergan. U esa “Ish haqi loyihasi” tizimi orqali to‘lov reyestrlariga “mavjud bo‘lmagan” harbiy xizmatchilarni kiritib, bank kartalari rekvizitlarini o‘zgartirgan va mablag‘larni turli hisoblarga, jumladan shaxsiy kartalariga o‘tkazgan. Bu harakatlar natijasida harbiy qismga 7,36 million grivna (169,5 ming dollar) zarar yetkazilgan.
Bu Ukraina Qurolli kuchlaridagi korrupsiya bilan bog‘liq yagona holat emas. Avvalroq havo kuchlari logistika qo‘mondoni va Jitomir viloyatidagi boshqarma rahbari harbiy aerodromlarda boshpanalar qurilishidagi korrupsiya gumoni bilan qo‘lga olingan edi. UQK ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur loyiha uchun 32 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi
Millionli shartnomalar: Ukrainaga yaroqsiz minalar yetkazib kelgan kompaniya fosh etildi