TOShKENT, 4 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilinib, mintaqaga ta’sir qilayotgan beqarorlik jiddiy tashvish uyg‘otayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari O‘zbekiston har qanday qarama-qarshilik va ziddiyatlarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan, muzokaralar orqali hal qilish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Mirziyoyev O‘monning mintaqada xavfsizlikni ta’minlash va mojarolarni hal etishdagi faol vositachilik rolini yuqori baholadi.
Prezident O‘monda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash va ularni Vataniga qaytarish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar uchun sultonga minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, Sulton Haysam bin Toriq Ol Said O‘zbekiston yetakchisiga hamjihatlik uchun tashakkur bildirib, Masqatga rejalashtirilayotgan oliy darajadagi tashrif muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonch bildirdi.