TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Ta’lim sifatini ta’minlash agentligi direktori buyrug‘i bilan oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish tartibi belgilandi. Tegishli nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizomga ko‘ra, davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari quyidagi to‘rt toifa bo‘yicha baholanadi:
amaliy fanlar
tibbiyot fanlari
ijtimoiy-gumanitar fanlar
ijod (sport)
Har yili 1-noyabrga qadar o‘tgan yil uchun milliy reyting natijalari e’lon qilinadi.
Bunda 1-iyunga qadar talabalar, professor-o‘qituvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida umummilliy so‘rovnoma o‘tkaziladi. Shuningdek, xalqaro ekspertlar ishtirokida oliy ta’lim muassasalarining xalqaro obro‘si baholanadi.
Milliy reytingni hisoblashda jami 25 ta indikator qo‘llaniladi. Ularning 5 tasi umummilliy so‘rovnoma natijalari asosida aniqlanadi. So‘rovnoma natijalari inobatga olinishi uchun OTTdagi talabalar va professor-o‘qituvchilarning kamida 20 foizi ishtirok etishi shart.