Isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kub metrlik gaz meyori 15-martgacha uzaytirildi

Yangilangan ob-havo prognozlari va kutilayotgan sovuqlar sababli 500 kub metrlik gaz meyori barcha hududlarda 15-martgacha saqlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan bazaviy meyor O‘zbekistonning barcha hududlarida 15-martga qadar uzaytirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Yangilangan ob-havo prognozlariga ko‘ra, sovuq havo massasining mamlakatning boshqa hududlariga kirib kelishi ehtimoli tufayli isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kub metrlik bazaviy meyor 2026-yil 15-martga qadar amal qiladi.
15 martdan keyin esa ob-havo sharoitidan kelib chiqib, zarur hollarda qo‘shimcha qarorlar qabul qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda aholi uchun tabiiy gaz iste’moli bosqichma-bosqich tarif asosida hisoblanadi. Isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha gaz 1 kub metr uchun 1000 so‘mdan bazaviy narxda hisoblanadi.
Belgilangan meyordan ortiq iste’mol qilingan gaz esa 1 kub metr uchun 1800 so‘m va undan yuqori tariflarda hisoblanadi.
15 martdan boshlab, agar qo‘shimcha qaror qabul qilinmasa, bazaviy meyor oyiga 100 kub metrni tashkil etadi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda gaz iste’molining bazaviy meyori 15-martgacha uzaytirildi