Yaqin Sharqdagi keskinlashuv: Saidov qator davlatlar TIV rahbarlari bilan muloqot o‘tkazdi

Muloqotlarda suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, kuch ishlatmaslik hamda barcha masalalarni tinch, diplomatik yo‘l bilan hal etish muhimligi ta’kidlandi.
Sputnik
TOShKENT, 2 mar — Sputnik. 1 mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan qator davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatlar Qatar, Kuvayt, O‘mon, Iordaniya, Bahrayn, Ozarbayjon va BAA rahbariyati va tashqi siyosat idoralari vakillari bilan o‘tkazildi.
Muloqotlarda suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish, kuch ishlatmaslik tamoyillariga qat’iy rioya etish hamda barcha masalalarni xalqaro huquq normalariga muvofiq faqat tinch, siyosiy va diplomatik vositalar orqali hal etish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining mazkur davlatlar rahbariyati va xalqlariga yo‘llangan qo‘llab-quvvatlov va birdamlik so‘zlari yetkazildi.
O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi mojaro tomonlarini vazminlikka chaqirdi