TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Eron davlat agentliklari xabariga ko‘ra, AQSh va Isroil tomonidan berilgan zarbalar oqibatida mamlakat oliy rahbari Oyatulloh Sayyid Ali Husayniy Xomanaiy halok bo‘lgani tasdiqlandi.
Ali Xomanaiyning vafotidan so‘ng mamlakat bo‘ylab 40 kunlik motam e’lon qildi. Shuningdek, bir hafta dam olish kuni deb belgilangani xabar qilinmoqda.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida oliy rahbarning qizi, kuyovi va nabirasi halok bo‘lgani tasdiqlangan. Bundan tashqari, uning kelinlaridan biri ham halok bo‘lgani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Mudofaa kengashi kotibi, vitse-admiral Ali Shamxoniy hamda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general Muhammad Pakpur ham halok bo‘lgani aytilmoqda.
IRNA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Eron hududidagi qator obyektlarga, jumladan, Tehronga berilgan. Tasnim va Fars agentliklari Tehron markazidagi Engelob maydonida minglab odamlar motam tutgan holda yig‘ilayotganini, “Amerikaga o‘lim” va “Isroilga o‘lim” kabi shiorlar yangrayotganini xabar qilmoqda.
Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Mohber bayonotiga ko‘ra, mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq, prezident, sud hokimiyati rahbari va Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi a’zolaridan biri o‘tish davrida oliy rahbar vazifasini vaqtincha bajaradi.
AQSh prezidenti Donald Tramp CBS telekanaliga bergan intervyusida, hujumlardan so‘ng Eron bilan kelishuvga erishish “bir kun oldingiga qaraganda osonroq” bo‘lganini aytgan.
Qisqacha ma’lumot: Ali Xomanaiy hayoti va faoliyati
To‘liq ismi: Sayyid Ali Husayniy Xomanaiy (forscha talaffuzi: Sayyid Ali Hoseyni Xamenei)
Tug‘ilgan sanasi: 1939-yil 17-iyul, Mashhad shahri.
Tug‘ilgan sanasi: 1939-yil 17-iyul, Mashhad shahri.
1964 yilda Qum ilohiyot seminariyasini tamomlagan.
1964–1968 yillarda Mashhadda diniy ta’limni davom ettirgan.
1963–1975 yillar oralig‘ida shoh davri xavfsizlik xizmati tomonidan bir necha bor hibsga olingan.
1979 yilgi Islom inqilobidan so‘ng Tehronda juma namozi imomi etib tayinlangan.
1981 yil sentabrida 95 foiz ovoz bilan Eron Islom Respublikasining uchinchi prezidenti etib saylangan, 1985-yilda qayta saylangan.
1989 yil 4-iyunda Ruholloh Humayniy vafotidan so‘ng, Eron Islom Respublikasining oliy rahbari etib saylangan.
1994 yildan boshlab uning diniy martabasi xalqaro shia ulamolari tomonidan e’tirof etilgan.
Xomanaiy arab, turk va ingliz tillarini bilgan, islom va tarixga oid qator asarlar muallifi va tarjimoni bo‘lgan. U uylangan, olti nafar farzandi bor edi.