Afg‘oniston–Pokiston mojarosi: maxsus operatsiyalar va “ochiq urush” bayonotlari

Afg‘oniston va Pokiston chegarasida vaziyat keskinlashdi. Tira vodiysi va Torxam hududida operatsiyalar o‘tkazildi, Xostda to‘qnashuvlar qayd etildi, Kobulda portlash ovozi eshitildi.
Sputnik
TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyat yanada keskinlashmoqda. So‘nggi kunlarda chegara hududlarida harbiy operatsiyalar, o‘q otishmalar va portlashlar qayd etildi.
TOLOnews xabar berishicha, Afg‘oniston harbiylari Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyatidagi Tira vodiysi hududida “Islom davlati” (IShID) jangarilariga qarshi maxsus operatsiya o‘tkazgan. Manbaga ko‘ra, amaliyot davomida 10 nafar jangarӣ yo‘q qilingan.
Kanal tomonidan e’lon qilingan videolavhada afg‘on snayperi tog‘li hududdagi pozitsiyalarda joylashgan jangarilarni nishonga olayotgani aks etgani aytilmoqda.
Tira vodiysi Pokistonning g‘arbiy qismida, Afg‘oniston bilan chegaradosh tog‘li hudud hisoblanadi. Bu yerda asosan pushtun qabilalari yashaydi.
Afg‘onistonning Alemarah axborot portali ma’lumotiga ko‘ra, shanba kuni kechqurun Nangarhor viloyatidagi Torxam nazorat-o‘tkazish punkti hududida afg‘on chegara kuchlari Pokiston chegarachilariga qarshi javob hujumlari uyushtirgan.
Afg‘on chegara politsiyasi rasmiy vakili Abdulla Faruqiyning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya davomida Pokistonning to‘rt askari o‘ldirilgan, bir nechta blokpostlar vayron qilingan. Torxam tumaniga qo‘shimcha kuchlar jalb etilganini xabar qilinmoqda.
Yakshanbaga o‘tar kechasi Xost viloyatida afg‘on va pokistonlik harbiylar o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Baxtar davlat axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, janglar natijasida Pokiston armiyasining bir nechta postlari og‘ir qurollar bilan nishonga olingan va yo‘q qilingan. Agentlik “dushman og‘ir inson yo‘qotishlari va katta moddiy zarar ko‘rgani”ni da’vo qilmoqda.
Shu bilan birga, Reuters agentligi guvohlarga tayanib, Afg‘oniston poytaxti Kobulda kuchli portlash ovozi eshitilganini xabar qildi.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston rasmiylari Pokiston harbiy-havo kuchlarining Afg‘oniston hududini bombardimon qilganiga javob sifatida Durand chizig‘i bo‘ylab pokistonlik harbiylarga qarshi operatsiya boshlanganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Pokiston tomoni ham o‘t ochganini tasdiqlab, keyinchalik Afg‘oniston bilan “ochiq urush” holati boshlanganini bildirgan.
Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida yana qurolli mojaro avj oldi – tafsilotlar