Surxondaryo viloyati qanday rivojlantiriladi – prezident aniq topshiriqlar berdi

Termizdagi xalqaro savdo markazi hududi 1 ming gektarga yetkaziladi, yangi loyihalar ishga tushiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 fev – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi, deya xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Viloyat hokimi, tuman hokimlari oldida joriy yilda investitsiyalarni 3 milliard dollarga, eksportni 1 mlrd dollarga yetkazish vazifasi turibdi.
Hududda kambag‘allikni 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabotni “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish kerak.
Joriy yilda Boysundagi "Sanjar", Oltinsoydagi "Oqsuv", kelasi yil "Fangart" konlarida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirildi.
"Qorakon", "Jemsonit", "Chuqur", "Bayram-1" konlari atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hisob-kitob qilib, kamida 200 million dollarlik loyihalarni shakllantirish kerak.
Termiz xalqaro savdo markazi hududi 1 ming gektarga yetkazilishi belgilandi. Mutasaddilarga buning hisobidan markazdagi eksport hajmini joriy yil 600 million, kelasi yil 1 milliard dollarga yetkazish, qo‘shimcha 10 ming ish o‘rni yaratish topshirildi.
Endilikda markaz hududidagi tovar savdosi va xizmatlar eksport sifatida baholanadi, ularga nisbatan ham qo‘shilgan qiymat solig‘i "nol" stavkada qo‘llanadi.
Xuddi Termiz tumanidagi kabi Angor, Uzun, Denovda “Tomorqa maktablari”ni tashkil qilish, ularda yiliga 10 ming aholini o‘qitish topshirildi. Umuman, Termiz tumani tajribasi asosida har bir viloyatda 2 tadan “Innovatsion tomorqa maktablari” ishga tushiriladi.
Denov, Oltinsoy, Sariosiyo, Uzun tumanlaridagi 5 ming gektarda limonchilik plantatsiyasi tashkil qilinadi, Oltinsoydagi 6 ming gektarda eksportbop uzum yetishtirish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi.
Ispaniyaning Almeriya hududi tajribasi asosida 1 ming gektarda quyoshda isitiladigan issiqxonalar tashkil qilinadi. Bunday issiqxona quradigan tadbirkorlarga yerlar 5-yilga bepul ijaraga beriladi, ular yer osti suvi uchun to‘lovdan 3-yilga ozod qilinadi.
Endilikda zaxiradagi yaylov yerlarini o‘zlashtirish uchun boshlang‘ich narxi normativ qiymatning 1 foizi miqdorida belgilanib, auksionga chiqariladi.
Yerni auksiondan olgan tadbirkorlarga 10-yilga, 4-yillik imtiyozli davr bilan 14 foizli kredit ajratiladi. Har o‘n gektarga suv olib kelish uchun 120 million so‘mgacha subsidiya beriladi. Bu orqali uch yillik dastur doirasida 58 ming gektar yaylovni aylanmaga kiritish, bu yerda 300 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Joriy yil viloyatda 60 million dollarlik 18 ta parrandachilik kompleksi va naslchilik loyihalarini ishga tushiriladi.
“Toshg‘uzor – Boysun – Qumqo‘rg‘on” uchastkasini tezurar poyezdga moslash bo‘yicha loyihani shu yil boshlash, 103 kilometr bo‘lgan “Qumqo‘rg‘on – Quduqli” temir yo‘lini elektrlashtirish ishlariga kirishish topshirildi.
Termiz – Istanbul, Termiz – Dubay yo‘nalishlarida yangi reyslar qo‘yilishi belgilandi.
Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihasi boshlanadi.
“Mustaqillikning 25-yilligi” yirik gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etildi.
“Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga katta turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz”, - dedi prezident.
Mutasaddilarga Yaponiya turagentlari bilan turizm marshruti ishlab chiqib, muzey, o‘zbek-yapon oshxonasi va Yapon bog‘i tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni boshlash topshirildi.
Joriy yilda Denovdagi "Zamondosh" oromgohi negizida kurashchilar uchun zamonaviy o‘quv-mashg‘ulot bazasini qurib berish topshirildi. Boysundagi maktab-internatda sport bilan birga maktab darslari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Yoshlarni xorijiy til va AT kurslariga o‘qitayotgan xususiy o‘quv markazlari ko‘paytiriladi. O‘quv markazlari uyushmasi tashkil qilinadi. Bu yil uyushmaga 100 million dollar mablag‘ jalb qilinadi. Ushbu mablag‘lar o‘quv markazi tashkil qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga arzon kredit, subsidiya, joy ijarasining kompensatsiyasi uchun yo‘naltiriladi.
Surxondaryoda 7,1 mlrd dollarlik 44 ta loyiha: prezident ramziy tugmani bosdi