TOShKENT, 27 fev – Sputnik. Afg‘oniston qurolli kuchlari Pokistonga qarshi harbiy operatsiyani boshladi, deya xabar beradi Afg‘onistonning TOLO News telekanali.
Janglar Nangarhor, Nuriston, Kunar, xost, Paktiya va Paktika viloyatlari, Kobul tomonidan tan olinmagan ikki davlat chegarasi Durand chizig‘i bo‘ylab bo‘lgan.
“Pokiston kuchlarining Durand chizig‘i bo‘ylab harbiy inshootlarida katta javob operatsiyalari boshlandi”, - deyiladi xabarda.
"Reuters" xabariga ko‘ra, Pokiston mamlakat xavfsizlik kuchlari Afg‘oniston “Tolibon” tomonidan ikki mamlakat chegarasi bo‘ylab bir nechta nuqtalarda “asossiz otishma”ga javob berganini aytib, to‘qnashuvlarni tasdiqladi. Pokiston axborot vazirligining ta’kidlashicha, hujumlarga javoban Pokiston qo‘shinlari “zudlik bilan va samarali zarba” bergan, natijada dushman katta yo‘qotishlarga duch kelgan va ko‘plab texnikasini yo‘qotgan.
Pokiston prezidenti Asif Ali Zardoriyning bildirishicha, "Pokiston tinchlik va hududiy yaxlitlik masalasida aslo yon bosmaydi".
“Qurolli kuchlarimizning javobi har tomonlama va qat’iydir. Bizning tinchliksevarligimizni zaiflik deb xato tushunadiganlar shiddatli javobga duch keladi — va hech kim biz yeta olmaydigan masofada emas”, — deb ta’kidladi u.
Pokiston tomonining ta’kidlashicha, 133 nafar “Tolibon” jangchisi halok bo‘lgan va 200 nafardan ortig‘i yaralangan, shuningdek, 27 ta post yo‘q qilinib, to‘qqiztasi egallab olingan. Afg‘oniston ma’lumotlariga ko‘ra, 55 nafar pokistonlik askar halok bo‘lgan va 19 ta post qo‘lga kiritilgan, ayni paytda Nangarhorda sakkiz nafar "Tolibon" jangchisi halok bo‘lgan, 11 nafari yaralangan va 13 nafar tinch aholi vakili jarohat olgan.
So‘nggi to‘qnashuvlar hafta boshida Pokiston tomonidan amalga oshirilgan havo zarbalaridan keyin yuz berdi. Islomobod ushbu zarbalar Afg‘oniston sharqidagi jangarilari lagerlarini nishonga olganini aytgandi. Kobul esa o‘z hududida jangarilar faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yishini inkor etib, bunga javob qaytarishi haqida ogohlantirgandi.