Orolbo‘yi va ekologik loyihalar uchun grant imkoni: Samarqandda GEF Assambleyasi bo‘lib o‘tadi

180 tadan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadigan forumda iqlim o‘zgarishi, suv resurslari va bioxilma-xillikni saqlash masalalari muhokama qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 26 fev — Sputnik. 2026 yil 31-may-6 iyun kunlari Samarqand shahrida atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri — Global Environment Facility (GEF)ning VIII Assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
GEF Assambleyasi 180 tadan ortiq davlat, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiradi. Muhokamalar markazida iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasiga qarshi kurash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish masalalari bo‘ladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirish va qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Assambleya bu sa’y-harakatlarni xalqaro maydonda taqdim etish va qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashni jalb qilish imkonini beradi.
GEF dunyodagi yirik ekologik moliya institutlaridan biri hisoblanadi. Assambleya yangi grant dasturlari va investitsiya tashabbuslari uchun imkoniyat yaratib, barqaror qishloq xo‘jaligi, suv boshqaruvi hamda noyob flora va faunani muhofaza qilish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbir doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar va transchegaraviy ekologik masalalar bo‘yicha qo‘shma qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda. Bu Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ayniqsa dolzarb hisoblanadi.
CITES CoP20: MO davlatlari Samarqand deklaratsiyasi va 2032-yilgacha rejani tasdiqladi