Surxondaryoda 7,1 mlrd dollarlik 44 ta loyiha: prezident ramziy tugmani bosdi

Viloyatda 741 million dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirildi, 6,3 milliard dollarlik 31 ta yirik obyekt qurilishi boshlandi. Yangi ish o‘rinlari va eksport hajmi sezilarli oshishi kutilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi va xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
O‘tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsuloti 63,7 trillion so‘mga yetdi. 18,8 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi, 2,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. 37 davlatga 483 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.
Taqdim etilgan loyihalarning umumiy qiymati qariyb 1,6 milliard dollar bo‘lib, ular Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston, Yaponiya, Germaniya, Hindiston va Mo‘g‘uliston bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Shundan so‘ng jamoatchilik ishtirokida umumiy qiymati 7,1 milliard dollar bo‘lgan 44 ta loyihani ishga tushirish va boshlash marosimi o‘tkazildi. Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, tog‘-kon sanoati, yengil sanoat, mebelsozlik, oziq-ovqat, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalaridagi yangi loyihalarga start berdi.
Jumladan, 741 million dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirildi. Shuningdek, 6,3 milliard dollarlik 31 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi.
Ushbu loyihalar natijasida 18 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, 82 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilishi va 1,4 milliard dollarlik eksport hajmiga erishilishi kutilmoqda.
Prezident 42 energetika obyektni ishga tushirdi va 21 loyihaga start berdi