TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Peterburgda derazadan tushib ketgan bolani qutqargan Xayrullo Ibadullayevga davlat mukofoti — “Jasorat” medali topshirildi. Taqdirlash marosimi O‘zbekiston Respublikasining Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasida bo‘lib o‘tdi.
“Jasorat” medali qahramonlik uchun beriladi. Xayrullo Ibadullayevning jasorati alohida ahamiyatga ega. U o‘zini, sog‘lig‘ini o‘ylamay, bolani qutqarib qoldi, u bolani o‘yladi", — dedi O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov.
Uning qayd etishicha, ushbu xatti-harakat jamoatchilikning katta e’tiborini tortgan.
“Chet davlatdan kelgan fuqarolarga, ularning mehnatiga ko‘proq e’tibor qarata boshlandi. Nafaqat e’tibor qaratishdi, balki xorijliklarning mehnatini hurmat qila boshlashdi”, — dedi elchi.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev Xayrullo Ibadullayevni “Jasorat” medali bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon qabul qilgan edi. Shuningdek, u Tigran Keosayan nomidagi 1 million rubl mukofotni qo‘lga kiritib, ushbu mablag‘ni bemor otasiga yuborgan.
Ibadullayev mukofotni topshirish marosimida derazadan bolani ko‘rganida bir daqiqa ham ikkilanmaganini, darhol deraza oldiga yugurib borib, uni ushlashga tayyor bo‘lganini aytdi.
“Hozir ko‘krak qafasi va qo‘lim biroz og‘riyapti, lekin umuman olganda hammasi joyida, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman”, — dedi u jurnalistlarga.
Sankt-Peterburg favqulodda vaziyatlar xizmatining 22-fevral kuni RIA Novosti agentligiga xabar berishicha, Ibadullayev uyning yettinchi qavati derazasidan tushib ketgan bolani qutqarib qolgan. U bolani ushlab olgan va yiqilish zarbasini o‘z tanasi bilan yumshatgan.
Seshanba kuni Aleksandr Beglov Ibadullayevga jasorati va fidoyiligi uchun “Qutqarishdagi jasorati uchun” nishonini topshirdi. Gubernator unga esdalik soati ham taqdim etdi.
Ibadullayev 2025-yil dekabr oyidan buyon Peterburgda mehnat qilib kelmoqda. Ilgari u Orenburg shahrida ko‘chalarni tozalash sohasida ishlagan.