TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Kengashi yig‘ilishida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan qator hujjatlarni kelishib oldi.
Asosiy qarorlardan biri — YeOII davlatlarida ilmiy unvonlar to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha bitimni kelishish va uni imzolash uchun zarur tartib-taomillarga yuborish bo‘ldi.
Bitim 2026-yilning birinchi yarmida imzolanishi rejalashtirilgan. U kuchga kirgach, ittifoq mamlakatlarining o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari YeOIIning boshqa davlatiga ishga joylashishda avval berilgan ilmiy unvonlarni qayta tasdiqlash talabidan ozod etiladi.
Yig‘ilishda YeOIIdagi makroiqtisodiy vaziyat ham muhokama qilindi. Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda a’zo davlatlarda iqtisodiy o‘sish mehnat unumdorligining oshishi va bandlikning samarali tarmoqlar foydasiga qayta taqsimlanishi bilan ta’minlangan.