TOShKENT, 25 fev — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp Kongressda ikkinchi prezidentlik muddati doirasidagi ilk nutqini so‘zladi. U mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyat, tashqi siyosat hamda xavfsizlik masalalariga to‘xtaldi.
Nutq Eron bilan muzokaralar atrofidagi keskinlik, hukumatning qisman shatdauni va yaqinlashib kelayotgan oraliq saylovlar fonida bo‘lib o‘tdi.
“Mamlakatimiz qaytdi, u har qachongidan ham kattaroq, yaxshiroq, boyroq va kuchliroq bo‘ldi”.
“Dushmanlarimiz qo‘rqishmoqda. Bizning qurolli kuchlarimiz va politsiyamiz to‘liq ta’minlangan va Amerika yana hurmatga ega”.
“Biz yangi hamkorimiz Venesueladan 80 million barreldan (taxminan 11 mln tonna - tahr.) ortiq neft oldik”.
“Men mumkin bo‘lgan hamma joyda tinchlikka intilaman, ammo Amerikaga tahdidlarga qarshi hech qachon ikkilanmayman”.
“Men rasman firibgarlikka qarshi urush e’lon qilaman”.
“Tarif to‘lovchilarni himoya qilish bo‘yicha yangi majburiyatni kelishib oldik. Yirik texnologik kompaniyalar elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘zlari ta’minlashi kerak”.
“Biz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush va qirg‘inga chek qo‘yish uchun astoydil harakat qilmoqdamiz”.
”Eron kelishuv tuzmoqchi, ammo biz ularda hech qachon yadro quroli bo‘lmaydi, degan ezgu so‘zlarni eshitmadik".
“Ukrainaga yuboriladigan yordam NATO orqali o‘tadi va xarajatlar to‘liq qoplab berilmoqda”.
Amerika yetakchisining ta’kidlashicha, u Eron bilan diplomatik kelishuvni xohlaydi. Trampning aytishicha, Eron allaqachon Yevropagacha yetib bora oladigan raketalarni ishlab chiqqan va go‘yoki AQShgacha yetib boradigan raketalar ustida ishlamoqda.
Nutq 107 daqiqa davom etdi. “Mamlakat holati to‘g‘risida”gi murojaat AQSh prezidentining Kongressga har yilgi konstitutsiyaviy hisoboti bo‘lib, unda davlat rahbari yil yakunlarini sarhisob qiladi va kelgusi ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi.