"O‘zbekneftgaz" va "KazMunayGaz" Qashqadaryoda $250 millionlik majmua qurishni jadallashtiradi

Qashqadaryo viloyatida strategik ahamiyatga ega neft-kimyo majmuasini qurish ishlari jadallashtiriladi. Loyiha ichki bozorni ta’minlash va eksportni kengaytirishga qaratilgan.
Sputnik
TOShKENT, 25 fev — Sputnik. "O‘zbekneftgaz" AJ va Qozog‘istonning "KazMunayGaz" milliy kompaniyasi Qashqadaryo viloyatida chiziqli alkilbenzol (LAB) ishlab chiqarish majmuasi qurilishi bo‘yicha loyihani jadallashtirishga kelishib oldi. Bu haqda "O‘zbekneftgaz" matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tomonlar texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yakuniga yetkazish va amaliy bosqichga o‘tish masalalarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, LAB ishlab chiqarish loyihasi ikki davlat uchun strategik ahamiyatga ega. Mazkur mahsulot maishiy yuvish vositalari ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo hisoblanadi.
Loyiha mintaqaning ichki bozor ehtiyojlarini qondirish, neft-kimyo mahsulotlarini mahalliylashtirish hamda O‘zbekiston va Qozog‘istonning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil noyabr oyida tomonlar Qashqadaryo viloyatida neft-gaz-kimyo majmuasini birgalikda qurish bo‘yicha ramkaviy bitim imzolagan edi. Quvvati yiliga 50 ming tonnagacha bo‘lgan majmua 2028-yilga qadar barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati taxminan 250 million dollarga baholanmoqda.
Qozog‘iston bilan salmoqli kelishuvlar to‘plami imzolandi