TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida kasbiy ta’limni rivojlantirish, xususiy o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash, volontorlik harakatini kengaytirish va yosh oilalarga ipoteka yordamini kuchaytirish bo‘yicha qator tashabbuslar e’lon qilindi.
Kasbiy ta’lim va “dual” tizim
O‘tgan yili Kasbiy ta’lim agentligi tashkil qilinib, hududlarda kengashlar ish boshladi. Endi texnikumlarda o‘quv dasturlari ish beruvchilar talabiga moslashtiriladi, “dual ta’lim” kengaytiriladi. Har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy jihozlanadi.
Texnikumlarga “spin-off” ochishga ruxsat beriladi, o‘quvchilar startaplariga 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. “Work and travel” dasturi asosida texnikum o‘quvchilariga ham xorijda ishlash imkoniyati yaratiladi.
Xususiy o‘quv markazlariga imtiyozlar
Xorijiy til sertifikatiga ega yoshlar soni 600 mingdan oshdi. Xususiy o‘quv markazlari 3 barobar ko‘payib, 38 mingdan oshgan.
Endilikda uyushmaga a’zo markazlarga binolarni ijaraga bergan tadbirkorlar ijara va foyda solig‘idan ozod etiladi. Olis hududlardagi markazlar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz, daromad solig‘i 7,5 foiz qilib belgilanadi.
“Ko‘mak” dasturi doirasida 130 mln so‘mgacha foizsiz, biznesini kengaytiruvchilarga 300 million so‘mgacha ssuda beriladi. Har bir tumanda kasb-hunar laboratoriyalari tashkil etish uchun 500 mln so‘mgacha ajratiladi.
Universitetlarda yangi tajriba
Qo‘qon universiteti 400 o‘rinli zamonaviy o‘quv markazini ishga tushirdi va ehtiyojmand yoshlarni dasturlash, sun’iy intellekt va robototexnikaga bepul o‘qitadi.
Toshkent agrar universiteti talabalari “dual” ta’lim asosida agro-tex klasterda o‘qib, ishlab maosh oladi. “Kelajak fermerlari” jamoalari tajriba maydonlarida ishlaydi.
Volontorlik va grantlar
Volontorlar soni 100 mingdan oshgan. Yoshlar ishlari agentligida “Volontorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi tashkil etilib, har yili 20 mlrd so‘m ajratiladi. Loyihalarga 100 mln so‘mgacha grant beriladi.
Yosh oilalar va kitobxonlik
Yosh oilalar uchun ipoteka kreditining 14 foizdan oshgan qismi budjet hisobidan qoplanadi.
“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasi orqali yozuvchilarga oyiga 20 mln so‘mdan ijodiy haq to‘lanadi. Eng yaxshi 100 ta asar maktab va texnikumlarga yetkaziladi.
“Ikkinchi imkon” loyihasi
Jazo muddatini o‘tab chiqqan yoshlar uchun “Ikkinchi imkon” dasturi ishga tushiriladi. Ular 8–12 oylik intensiv kurslarda zamonaviy kasblarga o‘qitiladi. Loyiha 1-iyundan ayrim hududlarda boshlanib, keyin barcha viloyatlarga joriy etiladi.
Davlat rahbari nutqidan so‘ng yoshlar bilan ochiq muloqot boshlandi.