TOShKENT, 24 fev — Sputnik. “Ko‘ksaroy” qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan yoshlar bilan muloqotda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida to‘xtaldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelmoqda, 2030-yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetadi.
So‘rovnomalarga ko‘ra, yoshlarning uchdan biri tadbirkorlik qilish istagini bildirgan. O‘tgan yili ular bandligini ta’minlash uchun 400 million dollar ajratilgan bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda yana 200 million dollar yo‘naltiriladi.
Kreditlar miqdori oshiriladi
o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kreditlar 100 million so‘mdan 300 million so‘mgacha;
yosh tadbirkorlar loyihalari uchun 10 milliard so‘mgacha;
innovatsion startaplarga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat beriladi.
Joriy yildan “Kelajak tadbirkori” dasturi ishga tushirilib, 7-yilgacha 15 foizli kreditlar ajratiladi. Shartlariga ko‘ra:
garovsiz 20 million so‘mgacha;
yangi biznes boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha;
faoliyatini kengaytiruvchilarga 2 milliard so‘mgacha;
kamida 5 nafar bitiruvchini ishga olganlarga 10 milliard so‘mgacha kredit beriladi.
“Mening birinchi kasbim” dasturi doirasida oliygoh bitiruvchilari stajirovka asosida tanlab olinib, oyiga 2 million so‘mgacha stipendiya to‘lanadi.
Yangi infratuzilma va inkubatorlar
Yosh tadbirkorlarning 30 foizi biznes ko‘nikmalari yetishmasligi sabab qiyinchilikka duch kelayotgani qayd etildi. Shu bois har bir hududda “Yoshlar biznes inkubatori” tashkil etilib, buxgalteriya, marketing va bozorga chiqish bo‘yicha kompleks xizmatlar ko‘rsatiladi.
“Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida eng yaxshi 1 ming nafar yoshga 3-yilgacha 200 million so‘mgacha 7 foizli ssuda beriladi. “Yosh tadbirkorlar” tanlovida g‘olib bo‘lgan 100 ta loyihaga “Yoshlar venchurs” jamg‘armasidan 1 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
1 martdan yangi ish boshlayotgan yosh tadbirkorlarning infratuzilmaga ulanish xarajatlari qoplab beriladi.
“Upshift” startap dasturi kengaytirilib, media, dizayn, hunarmandchilik va innovatsiya yo‘nalishlarida tanlovlar o‘tkaziladi. Eng yaxshi 40 ta loyihaga 2 milliard so‘m ajratiladi.