TOShKENT, 24 fev — Sputnik. O‘zbekiston ulamolari Ramazon oyi arafasida ushbu muborak oyni munosib o‘tkazish, aholiga ijtimoiy va ma’naviy ko‘makni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar uchun prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, Ramazon oyida "Vaqf" xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi O‘zbekiston tarixida misli ko‘rilmagan muruvvat namunasi sifatida baholangan.
Mazkur qaror Ramazon oyini saxovat va mehr-muruvvat ayyomi sifatida munosib o‘tkazish, ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ulamolar bunday e’tiborni “Inson qadri uchun!” tamoyilining amaliy ifodasi sifatida baholagan.
Shuningdek, mamlakatda Ramazon oyida ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo‘yicha davlat darajasida qaror qabul qilinishi dunyo tajribasida kam uchraydigan holat ekani ta’kidlangan.
Bayonotda qayd etilishicha, ajratilgan mablag‘lar minglab oilalarni qo‘llab-quvvatlash, davolanish va ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolarga ko‘mak berish imkonini yaratadi.
2000 tadan ortiq masjidlarda xatmi Qur’onlar o‘tkazilishi hamda yirik ma’rifiy majmualar barpo etilishi prezidentning islom ma’rifatiga qo‘shayotgan hissasi sifatida baholandi.
Ulamolar prezidentni muborak Ramazon oyi bilan qutlab, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lidagi ishlariga muvaffaqiyat tilagan.