TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Farg‘ona shahrida bir nechta bog‘cha tarbiyalanuvchilari Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tushgan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 21-fevral kuni Farg‘ona shahar IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shahardagi 58, 2 va 61-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari “tana harorati ko‘tarilishi, qorinda og‘riq, ich o‘tishi” belgilari bilan Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilishgan.
Xozirda vaziyat Farg‘ona viloyati prokuraturasi, IIB hamda boshqa mutasaddi idoralarning ma’sullari tomonidan to‘liq o‘rganilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 257¹-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Barcha tegishli turdagi ekspertizalar tayinlangan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.