O‘zbekiston hududlarida 5 ta quduqdan sanoat miqyosida gaz olindi

"O‘zbekneftgaz" 5 ta quduqdan sanoat miqyosida gaz oqimini oldi. Qoraqalpog‘istonda yangi yuqori bosimli kon topildi, Qashqadaryo va Buxoroda yangi natijalar qayd etildi.
Sputnik
TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Shu kunlarda "O‘zbekneftgaz" AJ tasarrufidagi beshta quduqdan sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimi olindi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston hududida yangi, yuqori bosimli gaz koni aniqlangan. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida uchta, Buxoro viloyatida esa bitta quduqdan sanoat ahamiyatiga ega gaz oqimi olingan. Hozirgi paytda ushbu quduqlarda tabiiy gazning debiti (kunlik hajmi) va tarkibi bo‘yicha aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Quduqlarni qayta ta’mirlash ishlari ham samara bermoqda. Jumladan, Usturt hududida joylashgan va avval o‘z zaxiralarini tugatgan deb hisoblangan Shimoliy Berdaq konining 7-son qudug‘i qayta ta’mirdan chiqarildi. Natijada mazkur quduqdan yana sanoat miqyosida tabiiy gaz oqimi olishga erishildi.
Mo‘ynoqda katta bosimli yangi tabiiy gaz oqimi aniqlandi