TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Tigran Keosayan nomidagi to‘rtinchi mukofot Peterburgda yetti qavatli uy derazasidan tushib ketgan bolani qutqarib qolgan farrosh Xayrullo Ibodullayevga topshiriladi. Bu haqda Russia Today bosh muharriri Margarita Simonyan ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqtda Ibodullayev bilan bog‘lanib, unga 1 million rubl (taxminan 160 million so‘m) taqdim etiladi.
Hodisa Sankt-Peterburg ko‘chalaridan birida sodir bo‘lgan. Ko‘p qavatli uyning 7-qavati derazasidan sakkiz yoshli bola yiqilib tushgan.
Bolani o‘zbekistonlik mehnat migranti Xayrullo Ibodullayev qutqarib qolgan. U hovlida ishlayotgan paytda bolaning ochiq derazada turganini ko‘rgan.
— Derazada o‘ynab turganini ko‘rdim. “Uyga kir!” deb baqirdim, lekin eshitmadi. Keyin u karnizga chiqdi va qo‘llari bilan osilib qoldi. Bir necha soniyadan so‘ng pastga tusha boshladi. Men yugurib bordim, — deydi Ibodullayev.
Guvohlarning aytishicha, bola avval karnizdan ushlanib turgan, keyin kuchi yetmay pastga otilib ketgan. Ibodullayev uni qo‘lidan kelganicha tutib olgan va tanasi bilan yiqilish zarbasini yumshatgan. Har ikkisi yerga yiqilgan.
— U yiqildi, men ham yiqildim. Bolaning oyoqlari lat yegan edi. Men unga massaj qildim, “Yordam bering!” deb chaqirdim. Keyin tez yordam uni olib ketdi. Hozir ahvoli yaxshi, — deydi u.
Shifokorlar bolada oyoq sinishi va ichki jarohatlar borligini ma’lum qilgan. U shifoxonaga yotqizilgan, holati barqaror. Ibodullayevning o‘zi ham jarohat olgan — unda panja va qovurg‘alar sinishi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, bola avval o‘yinchog‘ini derazadan tashlab yuborgan, keyin uni olish uchun karnizga chiqqan. Onasi uyda bo‘lgan, ammo boshqa xonada.
Bolaning onasi bloger Nadejda Amrani ekani ma’lum bo‘ldi. Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, u o‘g‘lining yo‘qolganini darhol payqamagan va hodisadan ancha keyin derazadan qaragan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Xayrullo Ibodullayev Sankt-Peterburgga O‘zbekistondan to‘rt oy avval ishlash uchun kelgan. O‘zbekistonda uning to‘rt nafar farzandi va ota-onasi qolgan.
Shuningdek, uy aholisi Ibodullayevni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mablag‘ yig‘ishni boshlagani, hozirga qadar 100 ming rubldan ortiq pul to‘plangani aytilmoqda.