“Injil huquqi”ga javob: 14 arab davlati AQSh elchisining G‘azo bo‘yicha bayonotini qoraladi

Davlatlar AQSh elchisining Isroilning arab yerlari ustidan da’vo qilish huquqi haqidagi gaplarini xavfli va provokatsion deb baholadi
Sputnik
TOShKENT, 22 fev — Sputnik. 14 ta arab va islom davlati, jumladan, BAA, Misr, Iordaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va boshqalar AQShning Isroildagi elchisi Mayk Haqabiyning bayonotini keskin qoraladi. Bu haqda RIA Novosti BAA Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga tayanib xabar qildi.
Qo‘shma bayonot Islom hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi ishtirokida e’lon qilindi.
Avvalroq Haqabiy intervyuda Isroil Yaqin Sharqning deyarli butun hududiga “Bibliya huquqi”ga ega ekanini aytgan. Suhbatda Isroil go‘yoki hozirgi Iordaniya, Suriya, Livan hamda boshqa arab yerlari ustidan da’vo qilish huquqiga ega ekani haqida savollar muhokama qilingan.
Qo‘shma bayonotda bunday fikrlar xalqaro huquq tamoyillari va BMT Nizomiga zid ekani, mintaqada keskinlikni kuchaytirishi ta’kidlandi. Shuningdek, elchining bayonotlari AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan G‘azodagi mojaroni to‘xtatishga qaratilgan rejaga ham zid ekani qayd etildi.
Arab va islom mamlakatlari Isroil bosib olingan Falastin hududi va boshqa arab yerlari ustidan hech qanday suverenitetga ega emasligini ta’kidlab, G‘arbiy sohilni anneksiya qilish, G‘azoni ajratish yoki ko‘chirish faoliyatini kengaytirishga qaratilgan har qanday harakatlarni rad etishini bildirdi.
Isroil tinchlik sulhini 47-marta buzdi — G‘azo hukumati