TOShKENT, 22 fev — Sputnik. AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff yaqin haftalarda Ukraina masalasi bo‘yicha ijobiy yangiliklar bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Fox News telekanalida Lara Trampga bergan intervyusida u kelgusi uch hafta ichida Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasida yangi muzokaralar bo‘lib o‘tishi ehtimolini aytdi.
Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, mazkur jarayon Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSh rahbari Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokida uch tomonlama uchrashuvga zamin yaratishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, Tramp kelishuvga erishish imkoniyatiga ishonmasa, bunday formatdagi muloqotni qo‘llab-quvvatlamas edi. Shuningdek, Uitkoff Rossiya prezidenti bilan o‘tkazgan uchrashuvlari mazmunli va konstruktiv kechganini, Putin muloqotlar davomida “rostgo‘y” bo‘lganini bildirdi.
Uitkoff diplomatik sa’y-harakatlar davom etayotganini qayd etib, yaqin orada kelishuvga erishish umidini bildirdi.
17–18 fevral kunlari Jenevada Rossiya, AQSh va Ukraina vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Rossiya delegatsiyasiga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qildi. U muzokaralarni “og‘ir, ammo ishbilarmonlik ruhida” o‘tganini ta’kidlab, yaqin vaqtda yangi uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qildi.