O‘zbekistonda eng mashhur multfilmlar qanday yaratilmoqda

United Soft studiyasi hikoyasi: karantin paytida boshlangan ijod, kutilmagan joyda mashhurlik va animatsion ekotizimini yaratish haqida.
Sputnik
So‘nggi yillarda O‘zbekiston animatsiyasi sezilarli yutuqlarga erishib o‘zini jiddiy namoyon etmoqda. Yangi studiyalar paydo bo‘lmoqda, birinchi to‘liq metrajli multfilm ekranga chiqdi, multserial loyihalari ishga tushirilmoqda. Ular orasida “Bek va Lola” hamda “Dono va Momomo” multfilmlari bor.
Bu multfilmlarning yaratuvchilari - United Soft jamoasi - o‘z faoliyatini chet el kinolari uchun vizual effektlar yaratishdan boshlagan, pandemiya davrida esa o‘z animatsion loyihasini amalga oshirishga qaror qilgan studiya.
Kompaniya 2011-yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Dastlab jamoa reklama roliklari, musiqiy kliplar yaratishdi, keyinchalik mahalliy filmlar uchun postprodakshn bilan shug‘ullanishdi.
“2016 yildan boshlab global bozorga chiqdik. Rossiya, Koreya, Hindiston uchun vizual effektlar yaratdik. Asosan Hindiston bozorini egalladik”, - deydi “United Soft” kompaniyasining kreativ direktori Bekzod Mirfayozov.
Pandemiya hamma narsani o‘zgartirib yubordi. Suratga olishlar to‘xtadi, kino sanoati siljimay turib qoldi.
“Inqiroz yuz berdi. Bizda esa ancha oldin bolalar uchun multfilmlar yaratish g‘oyasi paydo bo‘lgan edi. Karantin davrida o‘z IP’imizni ishlab chiqishga qaror qildik va bolalarga ezgu hamda ibratli hikoyalarni aytib beradigan qalamlar haqidagi “Dono va Momomo” nomli bolalar serialini yaratishga kirishdik”, - deydi Mirfayozov.
Loyiha katta qamrovli marketingsiz tabiiy o‘sishni boshladi. Kanal tez orada mahalliy bozorda yetakchi o‘ringa chiqdi. Keyinchalik serial rus, qozoq, ingliz va ispan tillariga tarjima qilindi.
“Biz multfilmni targ‘ib qilish va marketingga alohida e’tibor qaratmagan edik. Biroq, kutilmaganda u ommalasha boshladi, odamlar uni ijtimoiy tarmoqlarda ulashib, seriyalardan lavhalar tayyorlay boshlashdi. Bu holat faqat mahalliy bozordagina emas, balki xalqaro miqyosda ham kuzatildi: ispan tilidagi ko‘rsatuvlar soni keskin o‘sdi”,– dedi u.
2024 yilda prezident qo‘llab-quvvatlashi va O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda United Soft jamoasi yangi loyihani ishga tushirdi – “Bek va Lola” nomli o‘zbek retrofolkloriga asoslangan musiqiy multserial.
“Loyihaning shiori – “O‘yla, kuyla va bilim ol”. Biz ota-onalarga bolalikdan tanish bo‘lgan folklor qo‘shiqlardan foydalanamiz. Shuning uchun, ular kichkintoylardan tortib kattalargacha barchaga manzur bo‘lmoqda. Bugungi kunga kelib, serialning YouTube’da 400 mingdan ortiq obunachisi va 300 milliondan ziyod ko‘rishlari bor”, - deya ta’kidladi Mirfayozov.
“Bek va Lola”ning 26 dan ortiq qismi allaqachon efirga uzatilgan, yil oxirigacha ularning soni ikki baravarga ko‘paytirilishi rejalashtirilmoqda.
Musiqa har bir qismning asosidir. Kompozitor Sherzod Mardiyev nafaqat kadrda jaranglayotgan, balki tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan matn va kuylarni yaratadi. “Bek va Lola” saundtreklari bilan albom Yandeks. Musiqada ham bor.
“Har bir ish - yangi chelenj. Masalan, raqs bo‘yicha, o‘zim raqqos bo‘lmaganimdan, internetdan qiziqarli harakatlarni topib, ularni musiqamizga mos keladigan tarzda birlashtirama, keyin esa animatsiya tiliga o‘tkazamiz . Animatsiyani ko‘rish qiziq bo‘lishi kerak, shu sababli ba’zi joylarda harakatlarni sekinlashtiramiz, ba’zilarda tezlashtiramiz," - deb e’tirof etadi bosh animator Javohir Kamolov.
“Bek va Lola” loyihasi oddiy multserial chegarasidan chiqqan. 2025-yil iyun oyida uning qahramonlari rasmlari Toshkent metropoliteni poyezdlarini bezadi. Yaqinda esa shu nomdagi mobil ilova ishga tushirildi.
Loyiha menejeri Soliha Karimova bir yarim oy oldin ilova chiqarilganini va shu kungacha o‘yinda 70 mingga yaqin foydalanuvchi borligini ma’lum qildi.
“Ilovada 3 yoshdan 8 yoshgacha bo‘lgan bolalarga 60 tadan ortiq mini-o‘yinlar bor. Har bir o‘yin mantiqiy fikrlash, mayda motorika, tafakkur, harf va raqamlarni o‘rganish kabi muayan ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan”, - deya ta’kidladi u.
O‘yin milliy musiqa va qahramonlarning o‘ziga xos ovozlarini o‘z ichiga oladi. Rejada ta’lim funksiyasini muntazam yangilab borish va kengaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, jamoa bolalarning nutqi, bilimi va ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradigan elementlarni kontentga kiritish uchun pedagog va logopedlar bilan maslahatlashadi.
Studiya vakillarining ta’kidlashicha, o‘zbek animatsiya maktabi hozirgi kunda sezilarli yuksalmoqda.
“Bizda studiyalar ko‘p emas, hamma bir-birini taniydi. Ammo so‘nggi 5-10 yilni taqqoslasak, o‘sish juda sezilarli”,–dedi Mirfayozov.
United Soft “Dono va Momomo” multserialining ikkinchi mavsumini yakunlashni va loyihani xorijiy onlayn platformalarda, ehtimol televideniyeda ham, targ‘ib qilishni rejalashtirmoqda. “Bek va Lola” ham nafaqat multserial sifatida, balki to‘laqonli bolalar animatsion ekotizimi sifatida ham rivojlanishni davom etmoqda.
O‘zbekistonda millionlab ko‘rishlarga ega bo‘lgan multfilmlar qanday yaratilishi haqida batafsil ma’lumotni Sputnik O‘zbekiston videolavhasida tomosha qiling.