TOShKENT, 20 fev – Sputnik. O‘zbekiston bayrog‘ini vertikal joylashtirish va dafn marosimida qo‘llash tartibi aniqlashtiriladi. Adliya vazirligi tegishli qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.
Loyihaga ko‘ra, bayroqni dastasiz vertikal holatda devor yoki boshqa konstruksiyaga osish tartibi alohida modda bilan mustahkamlanadi.
Unda oy va 12 ta yulduz tasviri yuqori o‘ng burchakda joylashishi, bayroqning pastki qismi yer sathidan kamida 30 santimetr baland bo‘lishi shartligi belgilanyapti. Bayroqni teskari, notekis yoki estetik ko‘rinishini buzuvchi holatda namoyish etish, uning ustiga buyum qo‘yish hamda hurmatsizlikni ifodalovchi har qanday xatti-harakatlar qat’iyan taqiqlanadi.
Davlat bayrog‘ini dastasiz vertikal holatda namoyish qilish
© Foto : Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali
Shuningdek, majlislar zallarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida va diplomatik vakolatxonalarda bayroqni joylashtirish talablari aniqlashtirilmoqda.
Boshqa bayroqlar bilan birga namoyish etilganda O‘zbekiston davlat bayrog‘i ustuvor ravishda markazda yoki o‘ng tomonda joylashtirilishi kerak bo‘ladi. Ommaviy tadbirlarda saf tortish tartibida bayroq old o‘ng qanotda yoki markazda turishi, uni boshqa bayroqlardan keyin olib yurish taqiqlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, davlat bayrog‘ini tobut ustiga yopish tartibi alohida modda bilan mustahkamlanib, kimlarga ruxsat berilishi va marosimdagi joylashuv qoidalari ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Davlat bayrog‘ini tobut ustiga yopishga davlat va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan shaxslarga, shuningdek, O‘zbekiston Qurolli kuchlari hamda boshqa harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatchilari, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hollarda ruxsat etiladi.
Davlat bayrog‘i tobut ustiga yopilganda, bayroq matosidagi yangi oy va o‘n ikkita besh qirrali yulduz tasvirlangan qismi tobutning bosh qismi va marhumning chap yelka tomoni ustida, marosim ishtirokchilariga nisbatan o‘ng yuqori burchakda joylashishi shart.
Davlat bayrog‘i tobutning yuqori qismini to‘liq yopishi, bayroq matosining qirralari tobutning yon tomonlariga bir tekis tushib turishi va yerga tegmasligi lozim.
Davlat bayrog‘i tobutning ustiga yopilganida uning ustiga buyum qo‘yilmaydi. Buyumlar tobutning yon tarafiga joylashtiriladi.
Dafn marosimining yakunlangandan so‘ng, biroq, jasad qabrga tushirilishidan yoki jasad kuydirilishidan oldin O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i yig‘ib olinadi.
Davlat bayrog‘ini yig‘ib olish davlat ramzlariga xos hurmat va ehtirom bilan amalga oshirilishi hamda yig‘ib olingan bayroq munosib o‘ringa joylashtirilishi lozim.