TOShKENT, 20 fev – Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) hay’ati YeIK va Saudiya Arabistoni Raqobat bo‘yicha bosh idorasi o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasini ma’qulladi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, bu raqobat sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish uchun institutsional asos yaratadi.
Memorandum hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini, jumladan, surishtiruv o‘tkazish, tovar bozorlarini o‘rganish bo‘yicha tajriba almashish va raqobatning asosiy masalalari bo‘yicha muntazam muloqotni ta’minlaydi.
“Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni rasmiylashtirish tashkilotlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi va xalqaro miqyosda adolatli raqobat muhitini shakllantirishga yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqishga imkon beradi”, - dedi YeIK raqobat va monopoliyaga qarshi tartibga solish vaziri Maksim Yermolovich.
2025 yilda Saudiya Arabistoni Podshohligi va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlarining tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard dollarga yetdi.
YeOII
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Moldova, Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.