TOShKENT, 19 fev — Sputnik. Toshkent shahrida ochiq olovda taom tayyorlaydigan umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, sanitariya-epidemiologiya xizmati va ekologik idoralar hamkorligida belgilangan talablarga rioya qilmagan somsa, kabob va mangal nuqtalari tekshirilmoqda.
Tekshiruvlar davomida chiqindilarni tozalash va tutun chiqarish tizimlariga ega bo‘lmagan, shuningdek, piyodalar hududlari va turar-joy binolari yaqinida joylashgan obyektlar aniqlanmoqda. Bunday nuqtalar faoliyati qonun talablariga moslashtirilgunga qadar to‘xtatilishi mumkin.
Hokimlik tozalash va filtr tizimlarisiz ishlash aholi salomatligi hamda shahar muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi. Tadbirkorlarga sanitariya va ekologik meyorlarga rioya qilish, tutun chiqarish tizimlarini o‘rnatish tavsiya etildi.
Shikoyat va murojaatlar uchun Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya xizmatiga murojaat qilish mumkin.