Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi

Rossiya-Ukraina muzokaralari Jenevada yakunlandi — tomonlar bayonot berdi

Jenevada Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari ishtirokida ikki kunlik muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Rasmiy hujjat imzolanmagan bo‘lsa-da, tomonlar muloqot davom ettirilishini bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 18 fev — Sputnik. Shveysariyaning Jeneva shahrida 17–18 fevral kunlari Moskva, Kiyev va Vashington vakillari ishtirokida Ukrainadagi mojaroni hal etish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi. RIA Novosti manbasining ma’lum qilishicha, uchrashuvlar yakunida hech qanday hujjat imzolanmagan.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Medinskiy muzokaralarni “oson kechmadi, biroq amaliy ruhda o‘tdi" deb baholadi.

“Muzokaralar ikki kun davom etdi. Kecha juda uzoq — turli formatlarda, bugun ham taxminan ikki soat. Ular og‘ir, ammo konstruktiv edi”, — dedi u jurnalistlarga.

Medinskiyning aytishicha, Ukraina bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichi tez orada o‘tkazilishi kutilmoqda.
AQSh tomonidan uchrashuvlarga moderatorlik qilingani ma’lum qilindi. AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, tomonlar o‘z rahbariyatini xabardor qilishga va kelishuv tuzish maqsadida ishlashni davom ettirishga kelishib olgan.
Uning fikricha, AQSh prezidenti Donald Trampning sa’y-harakatlari “sezilarli siljish”ga olib kelgan.
Vladimir Zelenskiyning aytishicha, muzokaralarda siyosiy tarkibiy qism — jumladan, Donbass va Zaporojye atom elektr stansiyasi kabi nozik masalalar muhokama qilingan.
“Siyosiy qism — bu barcha siyosiy nyuanslar, sharq (Donbass) va stansiya (Zaporojye AES), barcha nozik masalalar. Muayan ishlanmalar bor. Hozircha pozitsiyalar turlicha, muzokaralar oson kechmadi”, — dedi u ukrain OAVga.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerovning ta’kidlashicha, uchrashuv davomida qator masalalarga oydinlik kiritilgan, biroq ayrim jihatlar hali qo‘shimcha muvofiqlashtirishni talab qiladi.
U avvalroq o‘zining Telegram-kanalida muzokaralarning ikkinchi kuni siyosiy va harbiy bloklar bo‘yicha guruhlarga ajratilgan holda davom etganini ma’lum qilgan.

“Kecha muhokama qilingan yechimlarning parametrlari va amalga oshirish mexanizmlarini aniqlashtirish ustida ishlayapmiz. Muzokaralar aniq xarakter kasb etmoqda”, — deb yozgan Umerov.

Rossiyaning Donbassdagi maxsus harbiy operatsiyasi
Abu-Dabida Rossiya ishtirokidagi muzokaralar yakunlandi