TOShKENT, 18 fev — Sputnik. O‘zbekistonlik mehnat migrantlarining qariyb 95 foizi Rossiyaga tashkiliy tartibdan tashqari keladi, Rossiya migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasi esa bunday joylashtirishning aniq tizimini joriy etishni taklif qiladi. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalariga qilgan ma’ruzasi davomida ma’lum qildi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Yerxovning aytishicha, hozirda O‘zbekistondan Rossiyaga kelgan mehnat migrantlarining aksariyati ish qidirish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishni joyiga borgach boshlaydi.
Yangi yondashuvga ko‘ra, Rossiyaga ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan fuqarolarni O‘zbekistonning o‘zida tanlash va ularni aniq ish joyiga rasmiylashtirilgan holda yuborish tizimi yaratilishi taklif etilmoqda.
Elchining ta’kidlashicha, bunday mexanizmni joriy etishda barcha tafsilotlarni puxta ishlab chiqish muhim. Tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha vaqt va muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar talab etiladi.
O‘zbekiston rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-sentabr oylarida xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolar soni 1,86 million kishini tashkil etgan. Shundan 1,3 millioni Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.