TOShKENT, 18 fev — Sputnik. Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston xususiy sektor vakillari ishtirokida o‘tkazilgan biznes uchrashuvida tomonlar 205 million dollarlik dastlabki kelishuvlarga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Afg‘onistondan 150 nafar tadbirkor, O‘zbekistondan esa 50 tadan ortiq kompaniya vakillari qatnashdi. Uchrashuvlar oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, 2025-yil davomida Kobul va Mozori Sharifda o‘tkazilgan tadbirlarda qariyb 400 ta o‘zbek kompaniyasi ishtirok etgan bo‘lib, 250 million dollardan ziyod shartnomalar imzolangan.
Hozirda Afg‘onistonda O‘zbekiston savdo uylari faoliyat yuritmoqda. Kobul va Mozori Sharifdagi savdo uylari qurilish materiallari, oziq-ovqat, farmatsevtika va elektr texnikasi mahsulotlarini taqdim etmoqda.
2025 yil yakuniga ko‘ra ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 1,8 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 50 foizga oshgan.