TOShKENT, 18 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev ipakchilik sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilab berildi:
Farg‘ona va Xorazmda elita urug‘lar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
joriy yilda Buxoro va Namanganda 2 ta, 2027–2029 yillarda Toshkent, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda yana 4 ta urug‘chilik korxonasini tashkil etish;
xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, mavsumiy ishchilar xarajatining yarmini qoplash hamda ularning faoliyatini daromad va ijtimoiy soliq obyekti sifatida hisoblamaslik;
8 ming gektarda yangi tutzor barpo etish, 41,5 ming gektarda yakka qator ko‘chat ekish va 15 ming gektar tutzorni rekonstruksiya qilish;
2030 yilga qadar 200 million tup tut ko‘chati ekish va ozuqa bazasini 30 foizga oshirish;
pilla hajmini 2026-yilda 30 ming tonna, 2030-yilda 36 ming tonnaga yetkazish;
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, viloyat va tuman “Agropilla” tuzilmalari hamda ipakchilik klasterlari o‘zaro muvofiqlashgan tarzda ish yuritib, fermerlar, kasanachilar va qurt boquvchilar faoliyatini tashkil etishi;
kam daromadli oilalarni pillachilikka jalb etish maqsadida pilla qiymatining 35 foizi miqdorida subsidiya va 20 million so‘mgacha ssuda ajratish;
sanoat usulidagi qurtxonalarni ko‘paytirish va ularni 2029-yilga qadar yer hamda mol-mulk solig‘idan ozod qilish;
2030 yilga qadar 200 mln dollarlik 21 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish, qayta ishlash hajmini 3 ming tonnaga, darajasini 75 foizga yetkazish va natijada 18,5 mln pogon metr ipak mato ishlab chiqarish;
sohada raqamli texnologiyalar va yagona axborot tizimini joriy etish.
Prezident takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.