TOShKENT, 17 fev – Sputnik. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazining 2026-yil uchun zakot nisobi, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha qarori e’lon qilindi.
Ma’lum qilinishicha, bu yilgi Ramazon oyi uchun zakotning tilladan nisobi 85 gramm bo‘lib, 585 probali tillaning qiymatidan kelib chiqib 100 million so‘m deb belgilandi. Shunga ko‘ra, kamida 85 gramm tilla yoki 100 mln so‘m mablag‘ yoki ushbu qiymatdagi tijorat moli bo‘lgan kishi jami mablag‘ining qirqdan birini (2,5%) ajratib, uni zakot niyatida kambag‘al va faqirlarga beradi.
Fitr sadaqasining miqdori quyidagicha belgilandi:
2 kg bug‘doy yoki uning qiymati — 10 ming so‘m;
2 kg bug‘doy uni yoki uning qiymati — 12 ming so‘m;
4 kg arpa yoki uning qiymati — 20 ming so‘m;
2 kg mayiz yoki uning qiymati — 110 ming so‘m;
4 kg xurmo yoki uning qiymati — 200 ming so‘m.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu besh mahsulotdan xohlagan biri yoki uning qiymatini fitr sadaqasi niyatida kambag‘alga bersa kifoya qiladi. Fitr sadaqasini Ramazon oyi davomida hayit namozi o‘qilgunga qadar berish kerak bo‘ladi.
Bir kunlik fidya miqdori esa fitr sadaqasining miqdori bilan bir xil bo‘ladi. Shunday ekan, har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu besh mahsulotdan xohlagan biri yoki uning qiymatini fidya niyatida beradi.
Eslatamiz, bu yil Ramazon oyi 19-fevraldan boshlanadi. Prezident qarori bilan mamlakatda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Ularni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratiladi.
Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.