TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Ramazon oyida umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan “aksiya setlar” (kompleks ovqatlar to‘plami)ni majburiy joriy etish holatlariga nisbatan belgilangan tartibda ta’sir choralari ko‘riladi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ayrim kafe va restoranlarda minimal narx belgilash yoki faqat to‘plam shaklida xizmat ko‘rsatish orqali iste’molchilarning erkin tanlov huquqi cheklanayotgani alomatlari kuzatilmoqda. Qo‘mita bunday holatlardan ogohlantirdi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, xaridor tovar va xizmatni erkin tanlash huquqiga ega. Sotuvchi esa iste’molchini qo‘shimcha tovar yoki xizmat xarid qilishga qistashga haqli emas.
Qo‘mita ta’kidlashicha, ovqatlanish korxonalari:
mijozni “set” to‘plamini xarid qilishga majburlamasligi;
iste’molchi “set”ni rad etgan taqdirda, unga menyudagi boshqa taomlarga buyurtma berish huquqini cheklamasligi;
sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni majburiy tarkibga kiritmasligi lozim.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 65-moddasiga ko‘ra, davlat iste’molchilar huquqlarining ustuvorligini hisobga olgan holda tadbirkorlik erkinligini kafolatlaydi.