TOShKENT, 16 fev — Sputnik. A380 "G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu" trassasining 673–678 km uchastkasida transport harakati vaqtincha yo‘lning o‘ng tomoni bo‘ylab tashkil etildi. Mazkur hududda rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, rekonstruksiya ishlari yo‘lning 673–698 km qismida amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan:
bu uchastkada harakat vaqtincha yo‘lning o‘ng tomoni orqali amalga oshiriladi;
haydovchilar belgilangan tezlik cheklovlariga qat’iy rioya etishlari shart;
yo‘l belgilari va vaqtinchalik ko‘rsatkichlar talablariga amal qilish lozim;
qurilish hududidan o‘tishda yuqori darajada ehtiyotkorlik talab etiladi.
Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududga barcha zarur yo‘l belgilari va ogohlantiruvchi vositalar o‘rnatilgan.
Haydovchilardan safar yo‘nalishini rejalashtirishda mazkur ma’lumotlarni inobatga olish va ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.