TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilganidek, yangi dasturlarda “hujjat ishlab chiqish”dan “natijaga erishish” tamoyiliga o‘tilmoqda. Ijro uchun mas’ul rahbarlar va muvofiqlashtiruvchi davlat organlari biriktirilmoqda.
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida 337 banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026-yilda 59 ta muhim normativ-huquqiy hujjat va 12 ta strategik islohot loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihalar keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. 23-yanvar — 1-fevral kunlari 5 milliondan ortiq foydalanuvchi loyiha bilan tanishdi, 22 mingdan ziyod taklif kelib tushdi. Saralash natijasida 1000 ga yaqin konstruktiv taklif dasturga kiritildi.
Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish kabi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, mahalla mablag‘lari bo‘yicha ochiq hisobdorlikni oshirish, ichki yo‘l va veloyo‘laklar qurish, biznes-inkubatorlar tashkil etish, sanoat zonalari huzurida qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni kuchaytirish kabi takliflar ma’qullandi.
Xorijdagi vatandoshlar tomonidan ta’lim, sog‘liqni saqlash, eksportni qo‘llab-quvvatlash va raqamli xizmatlarni rivojlantirishga oid qator takliflar bildirildi.
Dasturlarni moliyalashtirish uchun 250,5 trillion so‘m va 50,4 milliard dollar mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.
Ijro Adliya vazirligi va Hisob palatasi tomonidan monitoring qilinadi. Vazirlar Mahkamasi har chorakda muhokama o‘tkazadi, har yarim yilda Oliy Majlisga hisobot taqdim etiladi, har oy prezidentga axborot kiritiladi.
Davlat rahbari taqdim etilgan loyihalar bilan tanishib, tegishli farmonni imzoladi.