TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Andijon shahrida narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirlar DXX va Bojxona organlari hamkorligida amalga oshirildi.
Ma’lum qilinishicha, “Telegram” orqali faoliyat yuritgan narkodo‘kon kuratorlari sintetik giyohvandlik moddalarini tayyorlash uchun qoldirgan katta miqdordagi prekursorlar operativ kuzatuvga olingan. Ularni olish uchun kelgan 2002-yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, ular Andijon shahrining Bog‘ishamol mahallasida narkolaboratoriya tashkil etgan. Ushbu manzildan qora bozordagi taxminiy qiymati 1 million dollarga teng 26 kg “mefedron” sintetik giyohvandlik moddasi, shuningdek, prekursorlar, turli kimoviy moddalar va laboratoriya jihozlari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Gumonlanuvchilardan biri laboratoriya joylashgan hovlini internet orqali faoliyat yurituvchi kurator yuborgan 15,8 ming dollar hisobiga sotib olgan va uni jihozlash uchun yana 5 ming dollar sarflagan. Shu yil yanvar oyida 11,7 kg “mefedron” tayyorlab, uning joylashuvini kuratoriga yuborgani ham ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Chirchiq shahrida ijaraga olingan omborxonadan 400 litr prekursor aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozir mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.