TOShKENT, 13 fev – Sputnik. O‘zbekistonda 2026-yildan har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash va rag‘batlantirish bo‘yicha “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. Prezident tegishli qarorni imzoladi.
Uning natijalari bo‘yicha quyidagilar belgilanadi:
100 tagacha biznes va startap loyihalarning har biriga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi va “Yoshlar ventures” venchur jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi;
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida startap va biznes loyihalarni brendga aylantirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha ekspertlarning BHMning 100 baravarigacha miqdorda (41,32 mln so‘mgacha) xarajatlari to‘lab beriladi;
Shuningdek, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi kengashi chempionat g‘oliblarini davlat mukofotlari, “Faol tadbirkor” va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonlariga tavsiya etish uchun vakolatli organlarga takliflar kiritadi.