"15 mln emas, 60 ming": vazir internetdagi ma’lumotlar sizishiga rasmiy izoh berdi

Fuqarolarga oid ma’lumotlar sizib chiqqanligi haqidagi xabarlar ortidan rasmiy izoh berildi. Vazirlik dastlabki tekshiruv natijalarini ochiqlab, holat miqyosi haqida aniq raqamlarni ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda 15 million fuqaroga oid ma’lumotlar sizib chiqqanligi haqida tarqalgan xabarlar dastlabki o‘rganish natijasiga ko‘ra tasdiqlanmadi — gap taxminan 60 ming atrofidagi yozuvlar haqida bormoqda. Bu haqda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 27–30 yanvar kunlari uchta davlat idorasining axborot tizimiga kiberhujum uyushtirilgan. Vakolatli organlar ishtirokida holat tezkor o‘rganildi va zarur choralar ko‘rildi.
Jumladan, axborot infratuzilmalariga ruxsatsiz kirishlar cheklandi, Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) foydalanuvchilarining parollari yangilandi, texnik himoya vositalari kuchaytirildi.
Shuningdek, OneID tizimida shaxsiy ma’lumotlarni faqat egasining roziligi bilan boshqa platformalarga taqdim etish yoki cheklash mexanizmi joriy etildi.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda kiberxavfsizlik uzeli orqali 7 milliondan ortiq tahdid bartaraf etilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 107 milliondan oshgan.
Jahon miqyosida esa 2025-yilda kiberhujumlar tufayli 10,5 trillion dollar zarar yetkazilgan, yirik platformalardan 16 milliarddan ortiq foydalanuvchi ma’lumotlari o‘g‘irlangan.
Markaziy bank, Ijtimoiy himoya, Statistika qo‘mitasi xakerlik hujum xabariga izoh berdi